TARIXIY  MA’LUMOTLAR

 

Yurtdoshimiz buyuk matematik va astronom olim Abu Abdulloh Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy (783—850) ning arifmetik (“Algorizmi hind hisobi haqida”) va algebraik (“Al-jabr val-muqobala”) asarlari matematikaning rivojiga nihoyatda kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Bu asarlar ko‘p tillarga tarjima qilindi, asrlar davomida matematikan asosiy qo‘llanma bo‘lib xizmat qildi.

“Algorizmi hind hisobi haqida” risolasining XII asr boshidagi lotincha tarjimasi Angliyaning Kembrij universitetida saqlanadi. Al-Xorazmiyning bu asari tufayli Yevropaga o‘nli sanoq sistemasi kirib borgan.

Xorazmiy algebrasi — «Al-jabr val-muqobala hisobi haqida qisqacha kitob» asarining arabcha nusxasi Oksford universitetining Bodleyan kutubxonasida saqlanadi. Risola uch qismdan iborat:

1) algebraik qism; 2) geometrik qism; 3) vasiyatlar haqidagi qism (Xorazmiy uni «Vasiyatlar kitobi» deb atagan). Al-Xorazmiy risolasida barcha masalalarning bayoni va yechimlari so‘zlar bilan beriladi, hech qanday belgilashlar, harfiy ifodalar ishlatilmaydi. Al-Xorazmiy yozadi: «... Men arifmetikaning oddiy va murakkab masalalarini o‘z ichiga oluvchi «Al-jabr val-muqobala hisobi haqida qisqacha kitob»ni ta’rif qildim, chunki meros taqsim qilishda, vasiyatnoma tuzishda, mol taqsimlashda va adliya ishlarida, savdoda va har qanday bitimlarda va, shuningdek, yer o‘lchashda, ariqlar o‘tkazishda, muhandislikda va boshqa shunga o‘xshash turlicha ishlarda kishilar uchun bu zarurdir». Binobarin, olim o‘zining bu asarini kundalik hayot talabi va ehtiyojlariii hisobga olgan holda yozgan.