TARIXIY  MA’LUMOTLAR

 

Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy «Al-jabr val-muqobala hisobi haqida qisqacha kitob» asarida kiritilgan «al-jabr», «val-muqobala» qoidalarini biz 7- § da tenglamaning asosiy xossalari sifatida bayon qildik, xolos.

Algebrada uch xil sonlar bilan ish ko‘riladi, deydi al-Xorazmiy. Ular:

-              ildiz yoki narsa (tenglamadagi noma’lum son x);

-              kvadrat (mol) (noma’lumning kvadrati – x2);

-              oddiy son (bunda natural son nazarda tutiladi).

Xorazmiy shu uch xil miqdorlar orasidagi turli bog‘lanishlarni tahlil qiladi va ushbu ko‘rinishdagi tenglamalarni yechish usullarini ko‘rsatadi:

1)           cx2 = bx kvadratlar ildizlarga teng;

2)           cx2 = a — kvadratlar sonlarga teng;

3)           bx = a — ildizlar songa teng;

4)           cx2 + bx = a — kvadratlar va ildizlar sonlarga teng;

5)           cx2 + a = bx — kvadratlar va son ildizlarga teng;

6)         bx + a = cx2 — ildizlar va son kvadratlarga teng.

Biz 7- sinfda faqat chiziqli tenglamalarni o‘rganamiz [3) banddagi bx = a tenglama]. Qolganlari 8-sinfda o‘rganiladi. Har qanday chiziqli yoki kvadrat tenglama «al-jabr», «val-muqobala» almashtirishlari natijasida yuqoridagi 6 ta tenglamaning biriga keltirilishi mumkin.