“Funksiya” so‘zi lotincha “functio” so‘zidan olingan bo‘lib, u “amalga oshirish”, “bajarish” degan ma'noni bildiradi. Funksiyaning dastlabki ta'riflari G.Leybnis (1646-1716), I. Bernulli (1667-1748), N.I. Lobachevskiy (1792—1856) asarlarida berilgan. P.L. Dirixle (1805-1859) kiritgan ta'rif maktab darsliklarida berilgan ta'rifga yaqin.
Qadimgi olimlar miqdorlar orasida funksional bog‘lanish bo‘lishi lozimligini tushunishgan. To‘rt ming yildan avvalroq Bobil olimlari radiusi r bo‘lgan doira yuzi uchun taqriban bo‘lsa-da S= 3r2 formulani chiqarishgan.
Natural sonlarning kvadratlari, kublari jadvallari, kvadrat ildizlar jadvallari miqdorlar orasidagi bog‘lanishning — funksiyaning jadval usulida berilishi, xolos.
Buyuk olim Abu Rayhon Beruniy (973—1048) ham o‘z asarlarida funksiya tushunchasidan, uning xossalaridan foydalangan. Abu Rayhon Beruniy mashhur “Qonuni Ma'sudiy” asarining 6- maqolasida argument (erkli o‘zgaruvchi) va funksiyaning (erksiz o‘zgaruvchining) o‘zgarish oraliqlari, funksiyaning ishoralari, eng katta va eng kichik qiymatlarini ta'riflaydi.